Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Uchqoʻrgʻon tumanidagi oʻrganishlari davomida “Dolzarb 90 kun” tadbirlarining tashkil etilish holati bilan ham tanishdi.
Tumanda yoshlar va bolalarning yozgi ta’tilni mazmunli va foydali oʻtkazishini ta’minlash maqsadida qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 46 ta umumta’lim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, 30535 nafar oʻquvchidan 23000 nafari yozgi mavsumda turli tadbir va oromgohlarga jalb etilishi belgilangan.
Jumladan, 240 nafardan ortiq oʻquvchi tumandagi stasionar oromgohlarda dam oladi;
5 ta maktab qoshida “Kunduzgi oromgoh”lar tashkil etilib, 750 nafardan ziyod oʻquvchi 12 kunlik smenalarda ishtirok etadi;
1850 nafardan ortiq oʻquvchi IT, robototexnika, oshpazlik, chet tili va kasb-hunar yoʻnalishlaridagi maxsus kurslarga jalb qilinadi;
14 ta sport maydonchasida sport-sogʻlomlashtirish mashgʻulotlari va musobaqalar tashkil etilib, 4140 nafar oʻquvchi qamrab olinadi.
Viloyat rahbari tumandagi 7-sonli maktabda boʻlib, oʻquvchilarning ta’tildagi tadbirlarda ishtiroki va ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.





