Ayni kunlarda Respublikamizning barcha hududlarida oliy ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilish uchun test sinovlari bosqichma-bosqich oʻtkazilmoqda. Ushbu muhim jarayon qanday tashkil etilganini oʻrganish maqsadida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bugun test sinovlari oʻtkazilayotgan hududlardagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab “Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi” hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining Namangan viloyat filialida test topshiruvchilar va ularning yaqinlari uchun yaratilgan kutish maydonlari, tibbiy yordam maskanlari, sovitish vositalari, xavfsizlik va tartib-intizomni ta’minlash choralari, shuningdek, testlarning shaffof va adolatli oʻtishini ta’minlash boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar bilan tanishildi.
Keyingi manzil Namangan davlat texnika universiteti boʻldi. Universitet sport majmuasida 240, universitet huzuridagi 1-son akademik liseyda esa 480 oʻrin abiturientlarni qabul qilish uchun shay holatga keltirilgan. Test sinovlari ushbu binolarda ikki smenada tashkil etilmoqda.
Viloyat hokimi test topshirayotgan abiturientlarning ota-onalari bilan suhbatlashib, ularning fikr va mulohazalarini tingladi. Oʻrganish davomida viloyat hokimi mutasaddilarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalarni berdi. Jumladan, test jarayonlarining toʻliq shaffoflikda oʻtishi, abiturientlarga qulay va osoyishta muhit yaratilishi, ota-onalarga esa barcha zarur sharoitlar ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi.






