Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” dasturi doirasida Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasiga biriktirilgan Davlatobod tumanidagi 77- va 80-sonli umumta’lim maktablarida amaliy ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan ushbu maktablarda tahsil olayotgan jami 968 nafar yuqori sinf oʻquvchilarining qiziqishlaridan kelib chiqib, ularning boʻsh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etishga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi:
- 200 nafar yosh hududdagi xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ustoz-shogird an’anasi asosida biriktirildi;
- 150 nafar oʻquvchi “Biznesga ilk qadam” tadbirkorlik kurslariga jalb etildi;
- 150 nafar qiz bola “Dashtbogʻ” kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan “MUSTAFO SEWING” hamda “MARJON TEXTILE INVEST” MChJlarining tikuv tsexlarida amaliy kasb-hunarga oʻrgatish maqsadida yoʻnaltirildi;
- 100 nafar oʻquvchi esa Davlatobod tumanidagi “FAZMAN TEXTILE” MChJ qoshida tashkil etilgan oʻquv markazida amaliy kurslarda ishtirok etish uchun saralandi.
Qolgan oʻquvchilarning ta’til paytidagi boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida maktablarda sport toʻgaraklari, axborot texnologiyalari va kompyuter savodxonligi kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
✅Ushbu ishlar yoshlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, ularda mehnat va tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish hamda kelajakda mustaqil hayotga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi
Bugun, Davlatobod tumanida joylashgan Yangi Oʻzbekiston bogʻida maktabgacha va maktab ta’limi boʻlimiga qarashli umumiy oʻrta ta’lim muassasalari oʻquvchilari ishtirokida “Dolzarb 90 kun” tadbiri katta shodu xurramlik va koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazildi.
Ushbu tadbir Prezidentimizning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va san’atga boʻlgan qiziqishini oshirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalar doirasida amalga oshirildi. Tadbirda tumandagi barcha umumta’lim maktablarining faol oʻquvchilari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida oʻquvchilar oʻrtasida turli sport musobaqalari, xususan, shaxmat, shashka, voleybol va badminton boʻyicha qizgʻin bellashuvlar tashkil etildi. Bu bellashuvlar nafaqat bolalarning aqliy va jismoniy qobiliyatlarini namoyon etishga, balki oʻzaro doʻstlik, jamoaviylik va teran fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.



