➖ Asrlar davomida sayqallangan o‘zbek milliy xalq amaliy san’atining eng qadimiy va rivojlangan yo‘nalishlaridan biri — zargarlik bugungi kunda mamlakatimizda sanoat darajasiga ko‘tarilib, yosh avlod orasida ham keng ommalashmoqda.
◀️ Ustoz–shogird an’anasi asosida hunar sirlarini o‘rganayotgan yoshlarning bu boradagi faolligi tahsinga loyiq. Ana shunday iqtidor egalaridan biri — Uychi tumanidagi 35-umumta’lim maktabining 9-sinf bitiruvchisi Javohir Bahriddinovdir. U zargarlik san’ati bilan olti yoshidan boshlab shug‘ullanadi. Ayni paytgacha mohir usta tomonidan yaratilgan tilla va kumushdan tayyorlangan 1000 dan ortiq bezak buyumlari texnik jihatdan nozikligi, uslubiy bezakdorligi bilan ajralib turadi.
✔️ O‘quvchi har bir buyum ustida o‘ndan ortiq zamonaviy uskuna yordamida ishlaydi. Bunday murakkab mehnat jarayoni 7–8 soat, ba’zida 2–3 kungacha vaqt talab etadi. Bu esa uning asarlarida yuksak e’tibor va did mujassam ekanidan dalolat beradi.
✍️ Sohasining yetuk vakillari sulolasidan bo‘lgan Javohir kelajakda o‘zining shaxsiy zargarlik kompaniyasini tashkil etishni, shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirmoqda. Hozirda u o‘z mehnati evaziga oyiga 7 million so‘mgacha daromad topmoqda.
Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati